World News

Mirziyoyev Turkmanistonga bordi. Etnik o‘zbeklar bu tashrifdan nima kutishmoqda?

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-oktabr kuni Ashxobodda prezident Sardor Berdimuhamedov bilan muzokaralar olib bordi. Tashrif arafasida Ashxobodda transport harakati cheklandi. Turkmanistondagi o‘zbek diasporasi o‘zbek lideri tashrifining ehtimoliy natijalarini muhokama qilayotir.


Ozodlikning turkman xizmatiga ko‘ra, Ashxobod markaziy ko‘chalarida harakat cheklovi Mirziyoyev tashrifidan bir hafta oldin joriy etilgan. Xususan, Maxtumquli shohko‘chasi  Otamurod Niyozov ko‘chasigacha yopiq, shahar avtobuslari yo‘nalishlari o‘zgartirilgan. Shuningdek, “Toshkent” bog‘iga eltuvchi ko‘chalar ham to‘silgan: bog‘ o‘zbek prezidentining rasmiy tashrifi chog‘ida tantanali suratda ochilishi kutilmoqda.


Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, turkman-o‘zbek chegarasida joylashadigan Chegarabo‘yi savdo markazi qurilishi loyihasiga start berilishi ham rejalangan.


Turkmanistonning Toshhovuz va Lebap kabi viloyatlarida etnik o‘zbeklar tig‘iz yashaydi. 1995-yilgi aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlarida etnik o‘zbeklarning mamlakat nufusidagi salmog‘i 9,2 foiz, turkmanlarniki esa 88 foiz deb ko‘rsatilgan edi. Hukumatga oid Orient.tm nashri yozishicha, 2010-2020-yillarda etnik turkmanlar aholi tarkibida 90 foizdan oshgan.


Ozodlik turkman xizmati xabariga ko‘ra, etnik o‘zbeklar zich yashaydigan hududlarda so‘nggi yillarda o‘zbek tili, madaniyati hamda O‘zbekiston televideniyesi ommalashmoqda.


Yaqinda Toshhovuz viloyatida bo‘lgan Ozodlik muxbiri mahalliy aholi o‘zbek telekanallarini mamnuniyat bilan tomosha qilishini aytadi.


“U yerda ko‘pchilik o‘zbek telekanallarini ko‘radi. Buning uchun sun’iy yo‘ldosh antennalari shart emas, oddiy antennalar ham signalni yaxshi tutadi”, deydi muxbir.


Uning aytishicha, yerli aholi orasida o‘zbek tili keng qo‘llanadi. Toshhovuzning ayrim chegara tumanlarida o‘zbek shirkatlarining uyali aloqasidan foydalanish mumkin.


O‘zbekiston prezidenti tashrifi arafasida Ozodlikning turkman xizmati bir mushtariydan xat oldi – maktubda Turkmanistonda yashovchi etnik o‘zbeklarning muammolari bayon qilingan edi.


“Turkmanistonning Lebap va Toshhovuz viloyatlarida istiqomat qiluvchi etnik o‘zbeklar huquqiy kamsitilishdan bezganlar”, deb yozadi maktub muallifi.


U o‘zbek etnik ozchiligi vakillari mamlakatda so‘nggi 30 yildan beri olib borilayotgan “turkmanlashtirish” siyosatidan ayniqsa, xavotirda ekanini urg‘ulagan.


“Xususan, turkmanlashtirish siyosati so‘nggi yillarda ta’lim sohasiga ko‘chib, mamlakatda yashovchi boshqa millatlar manfaatlari mutlaqo inobatga olinmayapti, xuddi ular umuman mavjud emasdek”, deya davom etadi muallif. Unga ko‘ra, bu munosabat ayniqsa yosh etnik o‘zbeklar noroziligiga sabab bo‘lmoqda.


Maktub muallifi Turkmanistonning nihoyasiz iqtisodiy muammolari, yopiqlik va yakkalanish siyosatidan butun turkman xalqi, jumladan o‘zbek diasporasi ham bezganini, shu bois etnik o‘zbeklar qo‘shni O‘zbekistonning siyosiy-ijtimoiy hayoti bilan ko‘proq qiziqayotganini ta’kidlaydi.


“Uzoq yillardan beri o‘zbek yoshlari ta’lim olish, yaxshi ish topish va o‘z kelajagini ta’min etish uchun majburan yoki ixtiyoriy ravishda o‘z millatini o‘zgartirishga rozilik berishdi va rasman turkman bo‘lishdi. Biroq yosh o‘zbeklar orasida o‘zbek televideniyesi, O‘zbekiston voqeligi, xabarlari va umuman siyosiy-ijtimoiy hayotiga qiziqish katta”, deyiladi maktubda.


Turkmaniston hukumati xalqaro forumlarda, jumladan YXHTning Milliy ozchil xalqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari bilan muzokaralarda “etnik ozchil xalqlarning haq-huquqlarini ta’minlash va ularni jamiyatga integratsiya qilish masalalariga katta e’tibor berilayotganidan” bahs etadi.




Biroq Ozodlik Turkmanistonda etnik ozchiliklar kamsitilishi haqida bir necha marta xabar bergan. “Turkmanlashtirish” siyosati esa butun-butun aholi maskanlari bo‘shab qolayotgani sabablaridan biridir.


O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatiga ko‘ra, 21-oktabr kuni Ashxobodda ikki davlat rahbarlari Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi.


Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bundan tashqari, ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkmaniston hamkorligini kengaytirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolangan.

Читайте на сайте