World News in Uzbek

Toshkent fastfud kafelariga masalliq tarqatayotgan sexdagi antisanitariyaga kim chora ko‘radi?

Ozodlikka Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi kichik sanoat zonasi hududida joylashgan Green Burger mas’uliyati cheklangan jamiyati sexidan olingani iddao qilingan rasmlar yuborildi. Ularda Toshkentdagi aksar fastfud tarmoqlariga polufabrikat tarqatadigan sexdagi qo‘rqinchli antisanitariya manzarasi aks etgan.


Bu suratlar¸ ularni Ozodlikka o‘z shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan jo‘natgan Toshkent hokimiyat tizimida ishlovchi mulozimning aytishicha¸ joriy oyda olingan.


Ozodlik suhbatlashgan Yunusobod tuman soliq idorasi¸ statistika bo‘limi¸ Yunusobod tuman DSENM - Davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazi¸ shuningdek, "Yunusobod kichik sanoat zonasini boshqarish direksiyasi" mazkur hududda Green Burger nomli MChJ faoliyat yurgizayotgani va uning fast fud tarmoqlariga polufabrikat yetkazib berish bilan shug‘ullanishini tasdiqladi.


"Odamlarni ogohlantiring!"


Green Burger MChJga qarashli sexni bevosita borib ko‘rgan bu toshkentlik rasmiyning aytishicha¸ bu xususiy korxona Toshkentdagi aksar fastfud restoran va kafelariga burger uchun qiyma va bulochka¸ shuningdek, lavash non tarqatadi.


“Bu MChJdagi ahvolni hamma biladi¸ necha marta tushuntirish yozdirilgan¸ jarimaga tortilgan¸ lekin o‘sha-o‘sha dahshatli ahvol davom etayapti. Yo bu MChJning ortida kimlardir turipti¸ yoki bular pul bilan tekshiruvchilarning og‘zini yopib kelayapti. Bu orada ko‘pincha bolalarini fastfudga olib kirayotgan oddiy xalq nimani yeyotganini o‘zi ham bilmay¸ har xil kasal orttirib yuripti. Bu sexdagi ahvolni ko‘rgandan keyin¸ umuman fastfudga kirmay qo‘ydim! Odamlarni burger va lavashlarning qaysi sharoitda qilinayotganidan ogohlantirishingizni so‘rayman”¸ deydi suratlarni Ozodlikka taqdim etgan Toshkent shahar hokimiyati mulozimi.


Davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazida "nazorat vakolati yo‘q"


Ozodlik Green Burger MChJdagi antisanitariya vaziyatining o‘zgarishsiz davom etib kelayotgani haqidagi shikoyatga izoh so‘rab¸ Yunusobod tuman  Davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazi mutasaddilari bilan bog‘landi.


O‘z shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan markazning yetakchi mutaxassisi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda¸ prezident Shavkat Mirziyoev nazorat tizimlarini xususiy biznesni tekshirish vakolatidan mahrum qilgani ortidan¸ tadbirkorlar sanitariya epidemiologiya nazorat markazini "bir tiyinga olmay qo‘yishgan"ini bildirdi.


“Bu MChJ hududiga mutaxassislarimiz oxirgi marta iyun oyida shaxsan tuman prokurorlari bilan birgalikda borishgan. Aniqlangan hamma kamchiliklarni prokurorga yozib berganmiz. Hozir hamma vakolat prokururaturada. Bu holat bo‘yicha biz emas¸ ular chora ko‘rishi mumkin¸ agar istasa. Lekin biror chora ko‘rilganidan xabarimiz yo‘q hozirgacha. Hammasi tuman prokuroriga spravka qilib berilgan. Ahvol haqiqatan ham antisanitariya – suv yo‘q¸ maxsus kiyimi yo‘q ishchilarida. Umumiy ovqatlanish shoxobchasida ishlovchilar har yarim yilda bir marta to‘liq medosmotrdan o‘tishi kerak. Bular umuman medosmotrdan o‘tmasdan ishlab yotishipti”¸ deydi Yunusobod tuman sanitariya epidemiologiya nazorat markazi mutasaddilaridan biri.


Bu suhbatdosh¸ Toshkentdagi kolbasa sexlariga Xorazmdan muntazam ravishda eshak go‘shti olib kelinib¸ kolbasaga qo‘shilganiga oid shov-shuvlik jinoiy ishlaridan keyin ham¸ umumiy ovaqatlanish shoxobchalaridagi umumiy vaziyat¸ xususan¸ ularning qanday sanitariya sharoitida hozirlanib¸ ularga nima mahsulot qo‘shilayotganini tekshirishning imkoni bo‘lmayotganini ta’kidladi.


“Kolbasaga eshak go‘shti qo‘shilgan¸ deyishdi. Burger va lavashga o‘lgan mol¸ yoki kuydirgiga chalingan molning go‘shti qo‘shilmaganiga kim kafolat beradi? Hech kim. Ovqatlanish joylari¸ ularga masalliq tayyorlayotgan sexlardagi vaziyat hozir juda yomonlashgan"¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan markaz mutaxassisi.


“Tadbirkorlar sanepidmarkazning gapini bir tiyinga olmay qo‘ygan. Hozir hamma tadbirkor tuman hokimligidagi Yagona daricha orqali ruxsatnoma olib¸ ish boshlayapti. Oldinlari umumiy ovqatlanish sohasida biznes boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkor¸ sanitariya qoidalariga javob beradigan sharoit qilib¸ bizning talab-tavsiyalarimizga amal qilardi. Hozir na ochishda bizning rolimiz bor¸ na ochgandan keyin tekshirishga bora olamiz – eshigini ham ochmaydi bizga. Bilganini qilib¸ ochib¸ ishlab yotipti”¸ dedi Yunusobod tuman sanitariya epidemiologiya nazorat markazi mutasaddilaridan biri.


Prokuratura nima deydi?


Ozodlik Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi Yunusobod kichik sanoat zonasi hududida joylashgan Green Burger MChJdagi antisanitariya vaziyatiga oid mazkur tuman Davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazi tomonidan berilgan bildirishnoma yuzasidan chora ko‘rilgan-ko‘rilmaganini o‘rganish maqsadida Bosh prokuratura matbuot xizmatiga murojaat qildi.


So‘rovni qisqa fursatga o‘rganishga harakat qilgan matbuot xizmatining bildirishicha¸ mazkur sexdagi antisanitariyaga oid Ozodlikka bildirilgan shikoyatlar asosida vaziyat o‘rganilmoqda va  Yunusobod prokuraturasi¸ shaxsan shahar prokurori bu holatni nazorat ostiga olgan.


"MChJga nisbatan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish nuqtai-nazaridan qonun doirasidagina ish tutiladi”¸ deyiladi Ozodlikka Bosh prokuratura matbuot xizmati bildiruvida.

Читайте на сайте